O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi

Agentlik haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli yo‘nalishlarini ilmiy asosda belgilash va islohotlar izchilligini ta’minlash zaruratidan vujudga kelgan institutdir. Strategik tahlil markazidan yagona strategik rejalashtirish tizimining vakolatli organiga qadar bosib o‘tilgan yo‘l Agentlikning davlat boshqaruvidagi o‘rni va mas’uliyati izchil oshib borganini ko‘rsatadi.

Bugun Agentlik mamlakatda yaratilgan strategik rejalashtirish ekotizimining yagona muvofiqlashtiruvchi markazi hisoblanadi. Prezident huzuridagi maqom Agentlik takliflarining davlat siyosatining eng yuqori darajasida ko‘rib chiqilishini, uning muvofiqlashtiruvchi roli esa barcha davlat organlari faoliyatining yagona strategik maqsadlar sari yo‘naltirilishini ta’minlaydi.

Agentlik konsepsiyalar, strategiyalar va dasturlarni yagona tizimga birlashtirib, vazirliklar, idoralar va hududiy ijro organlarining strategik rejalashtirish faoliyatini uyg‘unlashtiradi. Strategik hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholash mexanizmlari ham Agentlik tomonidan belgilanadi. Ilmiy tahlil, ishonchli ma’lumot va o‘lchanadigan natijalarga tayangan holda Agentlik “Maqsad — harakat — natija” tamoyilini davlat boshqaruvi amaliyotiga tatbiq etmoqda.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev

«Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz va mas’uliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz»

Sxema yuklanmoqda…

Agentlikning asosiy vazifalari

Agentlik strategik rejalashtirish tizimining barcha bosqichlarini yagona metodologiya va muvofiqlashtirilgan yondashuv asosida boshqaradi.

Tizimni muvofiqlashtirish

Vazirliklar, idoralar va hududiy ijro organlarining strategik rejalashtirish faoliyatini uyg‘unlashtirish.

Uslubiy qo‘llab-quvvatlash

Strategik hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish uchun tavsiyalar va uslubiy ko‘rsatmalar tayyorlash.

Xalqaro tajribani o‘rganish

Ilg‘or xorijiy yondashuvlarni tahlil qilish va ularni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Islohot tashabbuslari

Mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etib, soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Monitoring va baholash

Strategik maqsadlarga erishish, ijro dinamikasi, samaradorlik, ta’sir va barqarorlikni baholash.

Yangi avlod kadrlar

Strategik tahlil va rejalashtirish bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish.

Strategik rivojlanishga yangicha yondashuv

Agentlik ishonchli ma’lumotlar, jamoatchilik ovozi va ilg‘or xalqaro tajribani yagona strategik qarashga birlashtiradi.

Hududlar rivoji

Har bir hududning tabiiy, iqtisodiy va inson salohiyatini o‘sish nuqtasiga aylantirish

Raqamli platforma

Har bir tashabbus va resurs ma’lumotlar bilan asoslanadi

Xalqaro tahlil

Xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va ekspertlar bilimini tahlilga jalb etish

Milliy yechim

Jahonning eng yaxshi tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish

Geoportal

Hududiy loyihalarni aniq va o‘lchanadigan ko‘rsatkichlarga bog‘lash

Islohotlar shtablari

Aholi, tadbirkorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikdagi islohotlar

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligining shakllanish va taraqqiyot bosqichlari

Milliy taraqqiyotning strategik markazi sifatida shakllanish yoʻli

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi Oʻzbekistonning uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlarini belgilash, strategik ustuvor yoʻnalishlarni shakllantirish va keng koʻlamli islohotlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida bosqichma-bosqich takomillashib kelgan muhim davlat instituti hisoblanadi.

  1. 202119-iyul
    Strategik rivojlanish institutiga asos solindi
    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6264-son Farmoni asosida Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi tashkil etildi.

    Yangi tashkil etilgan Agentlik mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalarini ishlab chiqish, sohalar va hududlar kesimida islohotlarni ilmiy-amaliy jihatdan asoslash hamda davlat siyosatida strategik yondashuvlarni shakllantirish boʻyicha yagona ekspert markaz sifatida faoliyatini boshladi.
  2. 20228-sentyabr
    Prezident huzuridagi strategik islohotlar instituti bosqichi
    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Strategik islohotlarni jadallashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-216-son Farmoni bilan Strategik rivojlanish agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi.

    Ushbu bosqich Agentlik maqomi va vakolatlarining sezilarli darajada oshirilishi bilan ahamiyatli boʻldi. Agentlik Kengashiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shaxsan rahbarlik qilishi strategik islohotlarni muvofiqlashtirishda mazkur institutning alohida oʻrni va yuqori davlat ahamiyatini belgilab berdi.
  3. 20238-noyabr
    Institutsional salohiyat va boshqaruv samaradorligini kuchaytirish
    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Strategik islohotlar agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-190-son Farmoni asosida Agentlik faoliyati yangi bosqichga koʻtarildi.

    Agentlikning Prezident Administratsiyasi bilan uzviy integratsiyasi taʼminlanib, strategik tashabbuslarni ishlab chiqish, islohotlarni muvofiqlashtirish va ularning natijadorligini baholash mexanizmlari yanada takomillashtirildi.
  4. 202530-oktyabr
    Strategik rejalashtirishning yagona milliy tizimi yaratildi
    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-201-son Farmoni bilan Agentlik yangi maqomda — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi sifatida qayta tashkil etildi.

    Agentlik strategik rejalashtirish va milliy rivojlanish sohasidagi vakolatli davlat organi, ustuvor yoʻnalishlarni belgilovchi asosiy muvofiqlashtiruvchi institut etib belgilandi.

    2025-yil 1-noyabrdan mamlakatda “Maqsad — harakat — natija” tamoyiliga asoslangan yagona strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etildi.
  5. 202529-dekabr
    Zamonaviy strategik boshqaruv tizimining huquqiy asoslari mustahkamlandi
    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish va samarali yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-394-son qarori bilan strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, amalga oshirish monitoringi va natijalarini baholashning yangi tartiblari tasdiqlandi.

    Shuningdek, Agentlikning zamonaviy tashkiliy tuzilmasi shakllantirilib, uning strategik boshqaruvdagi roli yanada kuchaytirildi.